(370) 717-17-76
O'ZBEKISTON DAVLAT JISMONIY TARBIYA VA SPORT UNIVERSITETI

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASINING QONUNI

TA’LIM TO‘G‘RISIDA

I. UMUMIY QOIDALAR

1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi

Ushbu Qonun fuqarolarga ta’lim, tarbiya berish, kasb-hunar o‘rgatishning huquqiy asoslarini belgilaydi hamda har kimning bilim olishdan iborat konstitutsiyaviy huquqini ta’minlashga qaratilgan.

2-modda. Ta’lim to‘g‘risidagi qonun hujjatlari

Ta’lim to‘g‘risidagi qonun hujjatlari ushbu Qonundan hamda boshqa qonun hujjatlaridan iborat.

Qoraqalpog‘iston Respublikasida ta’lim sohasidagi munosabatlar Qoraqalpog‘iston Respublikasining qonun hujjatlari bilan ham tartibga solinadi.

Agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida ta’lim to‘g‘risidagi qonun hujjatlaridagidan o‘zgacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llaniladi.

3-modda. Ta’lim sohasidagi davlat siyosatining asosiy prinsiplari

Ta’lim O‘zbekiston Respublikasi ijtimoiy taraqqiyoti sohasida ustuvor deb e’lon qilinadi.

Ta’lim sohasidagi davlat siyosatining asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat:

ta’lim va tarbiyaning insonparvar, demokratik xarakterda ekanligi;

ta’limning uzluksizligi va izchilligi;

umumiy o‘rta, shuningdek o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limining majburiyligi;

o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi yo‘nalishini: akademik litseyda yoki kasb-hunar kollejida o‘qishni tanlashning ixtiyoriyligi;

ta’lim tizimining dunyoviy xarakterda ekanligi;

davlat ta’lim standartlari doirasida ta’lim olishning hamma uchun ochiqligi;

ta’lim dasturlarini tanlashga yagona va tabaqalashtirilgan yondashuv;

bilimli bo‘lishni va iste’dodni rag‘batlantirish;

ta’lim tizimida davlat va jamoat boshqaruvini uyg‘unlashtirish.

4-modda. Bilim olish huquqi

Jinsi, tili, yoshi, irqiy, milliy mansubligi, e’tiqodi, dinga munosabati, ijtimoiy kelib chiqishi, xizmat turi, ijtimoiy mavqei, turar joyi, O‘zbekiston Respublikasi hududida qancha vaqt yashayotganligidan qat’i nazar, har kimga bilim olishda teng huquqlar kafolatlanadi.

Bilim olish huquqi:

davlat va nodavlat ta’lim muassasalarini rivojlantirish;

ishlab chiqarishdan ajralgan va ajralmagan holda ta’lim olishni tashkil etish;

ta’lim va kadrlar tayyorlash davlat dasturlari asosida bepul o‘qitish, shuningdek ta’lim muassasalarida shartnoma asosida to‘lov evaziga kasb-hunar o‘rgatish;

barcha turdagi ta’lim muassasalarining bitiruvchilari keyingi bosqichdagi o‘quv yurtlariga kirishda teng huquqlarga ega bo‘lishi;

oilada yoki o‘zi mustaqil ravishda bilim olgan fuqarolarga akkreditatsiyadan o‘tgan ta’lim muassasalarida eksternat tartibida attestatsiyadan o‘tish huquqini berish orqali ta’minlanadi.

Boshqa davlatlarning fuqarolari O‘zbekiston Respublikasida xalqaro shartnomalarga muvofiq bilim olish huquqiga ega.

Respublikada istiqomat qilayotgan fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar bilim olishda O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari bilan teng huquqlarga ega.

5-modda. Pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanish huquqi

Tegishli ma’lumoti, kasb tayyorgarligi bor va yuksak axloqiy fazilatlarga ega bo‘lgan shaxslar pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanish huquqiga ega.

Pedagog xodimlarni oliy o‘quv yurtlariga ishga qabul qilish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tasdiqlagan Nizomga muvofiq tanlov asosida amalga oshiriladi.

Pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanish sud hukmiga asosan man etilgan shaxslarning ta’lim muassasalarida bu faoliyat bilan shug‘ullanishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

6-modda. Ta’lim muassasasining huquqiy maqomi

Ta’lim muassasasini akkreditatsiyalash vakolatli davlat organi tomonidan attestatsiyaga asosan amalga oshiriladi.

Ta’lim muassasasi yuridik shaxs bo‘lib, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda barpo etiladi. Nodavlat ta’lim muassasasi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilagan tartibda davlat akkreditatsiyasidan o‘tgan paytdan boshlab yuridik shaxs huquqlari va ta’lim faoliyati bilan shug‘ullanish huquqiga ega bo‘ladi.

Ta’lim muassasasi qonun hujjatlariga muvofiq ishlab chiqilgan ustav asosida faoliyat ko‘rsatadi.

Ta’lim muassasasi attestatsiya natijalariga binoan davlat akkreditatsiyasidan mahrum etilishi mumkin.

Ta’lim muassasalari o‘quv-tarbiya majmuilariga hamda o‘quv-ilmiy-ishlab chiqarish birlashmalari va uyushmalariga birlashishga haqli.

Ta’lim muassasalari ustavda belgilangan vazifalariga muvofiq pulli ta’lim xizmatlari ko‘rsatish, shuningdek tadbirkorlik faoliyatining boshqa turlari bilan shug‘ullanishga haqli.

7-modda. Davlat ta’lim standartlari

Davlat ta’lim standartlari umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, kasb-hunar va oliy ta’lim mazmuniga hamda sifatiga qo‘yiladigan talablarni belgilaydi.

Davlat ta’lim standartlarini bajarish O‘zbekiston Respublikasining barcha ta’lim muassasalari uchun majburiydir.

8-modda. Ta’lim berish tili

Ta’lim muassasalarida ta’lim berish tilidan foydalanish tartibi Davlat tili haqidagi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni bilan tartibga solinadi.

II. TA’LIM TIZIMI VA TURLARI

9-modda. Ta’lim tizimi

O‘zbekiston Respublikasining ta’lim tizimi quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

davlat standartlariga muvofiq ta’lim dasturlarini amalga oshiruvchi davlat va nodavlat ta’lim muassasalari;

ta’lim tizimining faoliyat ko‘rsatishi va rivojlanishini ta’minlash uchun zarur bo‘lgan tadqiqot ishlarini bajaruvchi ilmiy-pedagogik muassasalar;

ta’lim sohasidagi davlat boshqaruv organlari, shuningdek ularga qarashli korxonalar, muassasalar va tashkilotlar.

O‘zbekiston Respublikasining ta’lim tizimi yagona va uzluksizdir.

                 yuklab olish