(370) 717-17-76
O'ZBEKISTON DAVLAT JISMONIY TARBIYA VA SPORT UNIVERSITETI

Xorijda ta’lim olish uchun nomzodlarni tanlov asosida tanlab olishni o‘tkazish tartibi to‘g‘risida

NIZOM

1-bob. Umumiy qoidalar

1. Ushbu Nizom O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot qilish bo‘yicha “El-yurt umidi” jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda Jamg‘arma deb yuritiladi) tomonidan xorijda magistratura va doktorantura dasturlari bo‘yicha ta’lim olish, malaka oshirish va stajirovka o‘tash uchun nomzodlarni tanlov asosida tanlab olishning reglamenti, tartibi va mexanizmlarini belgilaydi.

2. Magistratura va doktorantura dasturlari bo‘yicha ta’lim olish, malaka oshirish va stajirovka o‘tashga yuborish Jamg‘arma tomonidan tanlov asosida amalga oshiriladi.

3. Nomzodlarni tanlov asosida tanlab olishni tashkil etish va o‘tkazish tanlov asosida tanlab olishni o‘tkazish bo‘yicha komissiyalar (keyingi o‘rinlarda — komissiyalar) tomonidan amalga oshiriladi, ularning shaxsiy tarkibi va ish tartibi Jamg‘armaning Vasiylik kengashi tomonidan har bir tanlov uchun alohida tasdiqlanadi.

4. Xorijda magistratura va doktorantura dasturlari bo‘yicha ta’lim olish, malaka oshirish va stajirovka o‘tashga qabul qilish faqat O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun hamda qabul va tanlab olishning yagona qoidalari asosida amalga oshiriladi.

5. Tanlovlarda quyidagi shaxslar ishtirok etishi mumkin emas:

magistratura dasturlari bo‘yicha — 23 yoshdan kichik va 40 yoshdan katta bo‘lgan, shuningdek, ilgari o‘xshash mutaxassislik bo‘yicha xorijda magistraturada tahsil olganlar;

doktorantura dasturlari bo‘yicha — 25 yoshdan kichik va 45 yoshdan katta bo‘lgan, shuningdek, avval PhD yoki fan doktori ilmiy darajasini olganlar;

malaka oshirish va stajirovka o‘tash dasturlari bo‘yicha — 25 yoshdan kichik va 50 yoshdan katta bo‘lgan, shuningdek, Jamg‘arma dasturlaridan biri asosida so‘nggi uch yil mobaynida xorijda ta’lim olganlar;

xorijda ta’lim olish uchun tanlangan mutaxassislik bo‘yicha 2 yildan kam mehnat tajribasiga, shu jumladan pedagogik stajga ega bo‘lganlar;

davlat hokimiyatining saylab qo‘yiladigan organlarida faoliyat yuritayotganlar;

og‘ir yoki o‘ta og‘ir jinoyatlarni sodir etganlik uchun sudlanganligi tugallanmagan yoxud sudlanganligi olib tashlanmaganlar.

Favqulodda holatlarda, vazirlik yoki idora rahbarining tavsiyasiga asoslangan holda komissiyalar qaroriga ko‘ra magistratura va doktorantura dasturlari bo‘yicha ta’lim olishga tanlab olishda tegishli vazirlik va idoralarning mos ravishda 45 va 50 yoshgacha bo‘lgan xodimlari ishtirok etishiga ruxsat beriladi.

6. Xorijda ta’lim olish uchun tanlov davlat va/yoki rus tilida o‘tkaziladi.

Xorijiy til bo‘yicha test sinovlari ta’lim olinadigan mamlakat tili yoki ingliz tilida o‘tkaziladi (agar qabul qilayotgan xorijiy oliy ta’lim yoki ilmiy muassasada o‘qitish ingliz tilida olib borilsa).

2-bob. Jamg‘arma stipendiyalari

7. Jamg‘arma stipendiyalari belgilangan tartibda Jamg‘arma Vasiylik kengashi tomonidan har yili tasdiqlanadigan dasturlarga muvofiq ajratiladi:

xorijiy ta’lim va ilmiy muassasalarda malaka oshirishga — 2 oygacha muddatga;

xorijiy ilmiy, ta’lim, ijod muassasalari, davlat idoralari, korxona va boshqa tashkilotlarda stajirovka o‘tashga — 6 oygacha muddatga;

yetakchi xorijiy oliy ta’lim va ilmiy muassasalarda magistratura dasturi asosida ta’lim olishga — 1-2 yil mobaynida, doktorantura dasturi bo‘yicha — 1 — 4 yil mobaynida.

8. Jamg‘arma stipendiyalari ushbu Nizom talablari asosida tanlovdan o‘tgan shaxslar (stipendiatlar)ga quyidagi xarajatlarni qoplash uchun ajratiladi:

xorijiy ta’lim va ilmiy muassasalarda stipendiatlarni o‘qitish qiymati to‘lovi;

stipendiatlar tomonidan viza olish (shu jumladan, xorijiy mamlakatlarning respublikadagi elchixonasi talabiga ko‘ra tibbiy ko‘rikdan o‘tish xarajatlari);

stipendiatlarning barcha turdagi transport vositalari bilan ta’lim olish joyiga bo‘lgan yo‘lkira xarajatlari (ikkala tomonga, yiliga bir martagacha);

xorijiy mamlakatda ta’lim olish davrida stipendiatlarning yashash, ovqatlanish va transport xarajatlari;

zarur o‘quv va ilmiy adabiyotlar xarid qilish, shu jumladan darsliklar xarid qilish, ilmiy maqolalar chiqarish, maqolalar va ilmiy adabiyotlarning elektron bazasiga obuna bo‘lish (ta’lim olish dasturi boshida bir martalik to‘lov);

xorijda ta’lim olish davrida stipendiatlarni tibbiy sug‘urtalash;

Jamg‘arma Vasiylik kengashi qaroriga ko‘ra xorijda ta’lim olish bilan bog‘liq stipendiatlarning boshqa xarajatlari.

3-bob. Tanlovda qatnashish uchun hujjatlarni qabul qilish tartibi

9. Jamg‘arma Vasiylik kengashi qaroriga muvofiq magistratura, doktorantura, malaka oshirish va stajirovka o‘tash dasturlari bo‘yicha o‘tkazilayotgan tanlov haqidagi e’lon hujjatlarni qabul qilish muddati tugashiga eng kamida bir oy qolganda ommaviy axborot vositalari, shuningdek, internet nashrlar va Jamg‘armaning veb-saytiga joylashtiriladi.

Tanlov o‘tkazish to‘g‘risidagi e’lon quyidagi ma’lumotlardan iborat bo‘ladi:

arizalarni qabul qilish muddati va joyi;

zarur hujjatlar ro‘yxati;

tanlov qatnashchisiga qo‘yiladigan talablar (yoshi, mutaxassislik bo‘yicha zarur ish tajribasi, xorijiy tilni bilish darajasi, ilmiy maqolalar mavjudligi va boshqalar);

tanlovni o‘tkazish muddati va joyi;

aloqa telefonlari va elektron manzili.

10. Xorijda barcha dasturlar bo‘yicha ta’lim olishga nomzodlar Jamg‘armaga quyidagi hujjatlarni taqdim qiladilar:

a) tegishli namunadagi ma’lumotnoma-obyektivka (anketa);

b) ta’lim olish shakli va yo‘nalishi ko‘rsatilgan holda belgilangan namunadagi komissiya raisi nomiga ariza;

v) belgilangan namunadagi ikkita fotosurat;

g) oliy ta’lim muassasasini tugatganligini, shuningdek, ilmiy darajasini (fan nomzodi, PhD va fan doktori.), ilmiy unvonini (katta ilmiy xodim, dotsent, professor) tasdiqlovchi diplomlarning nusxasi;

d) mehnat daftarchasi nusxasi (mehnat staji bo‘lganda);

e) pasport nusxasi;

j) belgilangan namunadagi tibbiy ma’lumotnoma;

z) chet tilidan bilim darajasini belgilovchi amaldagi milliy yoki xalqaro sertifikat (Milliy kvalifikatsiya sertifikati, IELTS, TOEFL va shu kabilar), agar mavjud bo‘lsa.

e) sudlanmaganligi to‘g‘risidagi ma’lumotnoma.

11. Xorijda malaka oshirish, stajirovka o‘tashga nomzodlar 10-bandda ko‘rsatilgan hujjatlarga qo‘shimcha tarzda quyidagi hujjatlarni Jamg‘arma qabul Komissiyasiga taqdim etadilar:

a) buyurtmachi tashkilot rahbari yoki uning o‘rinbosari imzosi bilan nomzod tomonidan Xorijda malaka oshirishi va stajirovka o‘tashi zarurligi asoslangan tavsiyanoma;

b) malaka oshirish yoki stajirovka dasturi;

v) malaka oshirish yoki stajirovka o‘tash dasturini amalga oshirish to‘g‘risida xorijiy muassasa bilan dastlabki kelishuv (agar mavjud bo‘lsa).

12. Xorijda magistratura dasturi bo‘yicha ta’lim olishga nomzodlar 10-bandda sanab o‘tilgan hujjatlarga qo‘shimcha tarzda quyidagilarni taqdim qiladilar:

a) diplomning ilovasi nusxasi;

b) xorijiy ta’lim yoki ilmiy muassasaga qabul qilish to‘g‘risidagi hujjat (“Letter of acceptance”), agar mavjud bo‘lsa;

v) nomzodning O‘zbekistonda va xorijda e’lon qilingan maqolalari ro‘yxati va ularning elektron variantlari (mavjud bo‘lsa);

g) xorijda ta’lim olish maqsadi va ta’lim olish tugagandan so‘ng olingan bilimlarni O‘zbekistonda qo‘llash imkoniyatlari haqida esse (yozma ish).

13. Xorijda doktorantura dasturi bo‘yicha ta’lim olishga nomzodlar 10-bandda sanab o‘tilgan hujjatlarga qo‘shimcha tarzda quyidagilarni taqdim qiladilar:

a) diplomning ilovasi nusxasi;

b) xorijiy ta’lim yoki ilmiy muassasaga qabul qilish to‘g‘risidagi hujjat (“Letter of acceptance”), agar mavjud bo‘lsa.

v) ushbu sohani rivojlantirish yoki O‘zbekistonda natijalarni qo‘llash uchun nomzod tadqiqotining dolzarbligi to‘g‘risida tegishli ilmiy yoki oliy ta’lim muassasasi rahbarining tavsiyaviy xati;

g) nomzodning O‘zbekistonda va xorijdagi ilmiy jurnallarda e’lon qilingan ilmiy maqolalari ro‘yxati va ularning elektron variantlari;

d) rejalashtirilayotgan ilmiy tadqiqot maqsadlari, usullari va natijalari, ularni O‘zbekistonda qo‘llash imkoniyatlari to‘g‘risidagi esse (yozma ish).

14. Nomzodlarning hujjatlarini qabul qilish, to‘plash va dastlabki ko‘rib chiqish Jamg‘armaning xodimlari tomonidan amalga oshiriladi. Zarur hujjatlardan birini nomzod e’londa ko‘rsatilgan muddatda taqdim qilmasa uning tanlovda qatnashishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

15. E’londa ko‘rsatilgan nomzodlarning hujjatlarini qabul qilish muddati tugagandan so‘ng Jamg‘arma xodimlari va jalb qilingan mutaxassislar tomonidan tayyorlangan dastlabki tahlil natijalari ilova qilingan holda hujjatlar Jamg‘armaning tegishli Komissiyasiga taqdim etiladi.

Nomzodlar tomonidan taqdim qilingan hujjatlar tanlov tugagandan so‘ng qaytarilmaydi.

4-bob. Xorijda magistratura va doktorantura dasturlari asosida ta’lim olish uchun tanlovni o‘tkazish

16. Nomzodlarni saralash to‘rt bosqichda amalga oshiriladi:

1-bosqich hujjatlarni ko‘rib chiqish va belgilangan talablarga eng mos keladigan nomzodlarni dastlabki saralashni ko‘zda tutadi (yoshi, mutaxassisligi bo‘yicha zarur ish tajribasi, ilmiy maqolalari mavjudligi, tanlangan mutaxassislikning mamlakat rivojlanishidagi belgilangan ustuvor yo‘nalishlarga mosligi va boshqa talablar).

Ushbu bosqich Jamg‘arma xodimlari tomonidan o‘tkaziladi.

2-bosqichda 1-bosqichda tanlangan nomzodlar ichida amaldagi xalqaro sertifikatga ega bo‘lmaganlari bilan xorijiy tillarni bilish darajasini aniqlash bo‘yicha suhbat (yoki imtihon) o‘tkaziladi (oliy ta’lim va boshqa muassasa xodimlarini jalb qilgan holda, shu jumladan xorijiy).

3-bosqichda 2-bosqichda tanlangan nomzodlar bilan o‘z mutaxassisligi bo‘yicha bilimlari darajasi, intellektual qobiliyatlari, shuningdek, Jamg‘arma tomonidan tayyorlangan savolnoma asosida nomzodlarning dunyoqarashi kengligi hamda O‘zbekiston rivojlanishining ustuvor yo‘nalishlari va amalga oshirilayotgan islohotlar mazmun mohiyatini bilishini aniqlash bo‘yicha suhbat va yozma imtihon (esse) o‘tkaziladi (vazirlik va idoralar, oliy ta’lim va ilmiy tashkilotlar, korxona va tashkilotlar mutaxassislari ishtirokida, shu jumladan xorijiy mutaxassislar).

4-bosqichda xalqaro sertifikatlangan attestatsiya markazlari ishtirokida xorijiy hamkor talablariga muvofiq oldingi bosqichlardan muvaffaqiyatli o‘tgan nomzodlar orasida chet tili bilim darajalarini va/yoki chet tilidagi tahlil imkoniyatlarini baholash bo‘yicha test (IELTS, TOEFL, TestDaf, GMAT, GRE va boshqa) o‘tkaziladi.

Har bir bosqichning natijalari tegishli komissiya yig‘ilish bayonnomasi bilan tasdiqlanadi.

17. O‘zbekistonda xalqaro standartlashtirilgan testlardan o‘tish xarajatlari Jamg‘arma tomonidan bir marta to‘lab beriladi yoki nomzodlarga qoplab beriladi. Xalqaro standartlashtirilgan testlarni takroriy topshirish yoki xorijiy oliy ta’lim yoki ilmiy muassasa tomonidan ta’lim olish mamlakatida topshirilishi talab qilinadigan kirish imtihonlari xarajatlari Jamg‘arma tomonidan qoplanmaydi.

Chet elning ta’lim va ilmiy muassasalari talablari darajasida bilimini tasdiqlovchi amaldagi xalqaro sertifikatga ega nomzodlar test sinovlaridan ozod qilinadi.

18. Tegishli komissiya tanlov yakunlarini umumlashtiradi va uni tasdiqlash uchun Jamg‘armaning Vasiylik kengashiga taqdim qiladi.

19. Jamg‘arma Vasiylik kengashining Xorijda magistratura va doktorantura dasturlari bo‘yicha ta’lim olish uchun o‘tkazilgan tanlov natijalarini tasdiqlash haqidagi qarori tanlovdan so‘ng bir oy muddat ichida e’lon qilinadi.

Tanlovdan muvaffaqiyatli o‘tgan nomzodlarga belgilangan shakldagi stipendiatlik sertifikatlari topshiriladi.

20. Tanlov yakunlari tasdiqlangandan va sertifikatlar topshirilgandan so‘ng Jamg‘arma stipendiatlarga xorijiy oliy ta’lim yoki ilmiy muassasasini tanlash va hujjatlar topshirishga maslahat yordamini ko‘rsatadi.

21. Ta’lim olishning xarajatlari, muddati va shart-sharoitlaridan kelib chiqib, xorijiy mamlakatni tanlash va stipendiat tomonidan tanlangan undagi ta’lim yoki ilmiy muassasani tasdiqlash huquqi Jamg‘arma vakolatida qoladi.

Stipendiat ta’lim olishi uchun tanlanadigan oliy ta’lim yoki ilmiy muassasa, qoida tariqasida, tan olingan xalqaro tashkilotlar reytingiga ko‘ra jahondagi eng yaxshi 500 talik yoki tanlangan fan yo‘nalishi bo‘yicha eng yaxshi 200 talik ro‘yxatiga kirgan bo‘lishi kerak.

22. Xorijiy oliy ta’lim yoki ilmiy muassasaga hujjatlarni topshirish bo‘yicha xarajatlar (“Application fee”) Jamg‘arma tomonidan uch martagacha nomzodga to‘lab beriladi.

Agar stipendiat yuqorida ko‘rsatilgan talablarga muvofiq tanlangan mutaxassislik bo‘yicha magistratura dasturi uchun bir yil, doktorantura dasturi uchun ikki yil mobaynida birorta xorijiy ta’lim yoki ilmiy muassasaga shartsiz qabul qilinganligi to‘g‘risidagi hujjatni (“Unconditional letter of acceptance”) taqdim eta olmasa, uning stipendiyasi bekor qilinadi.

23. Har bir tanlov uchun Jamg‘armaning Vasiylik kengashi qarori bilan tanlangan mamlakat va mutaxassislikka bog‘liq holda magistratura va doktoranturada bitta stipendiatni o‘qitishga ajratiladigan barcha xarajatlarning eng yuqori summasi belgilanishi mumkin.

5-bob. Xorijda malaka oshirish va stajirovka o‘tash uchun nomzodlar tanlovini o‘tkazish

24. Nomzodlarni saralash uch bosqichda o‘tkaziladi:

1-bosqich hujjatlarni ko‘rib chiqish va belgilangan talablarga eng mos keladigan nomzodlarni dastlabki saralashni ko‘zda tutadi (yoshi, mutaxassisligi bo‘yicha zarur ish tajribasi, ilmiy maqolalari mavjudligi va boshqa talablar).

Ushbu bosqich Jamg‘arma xodimlari tomonidan o‘tkaziladi.

2-bosqichda 1-bosqichda tanlangan nomzodlar ichida amaldagi xalqaro sertifikatga ega bo‘lmaganlari bilan xorijiy tillarni bilish darajasini aniqlash bo‘yicha suhbat (yoki imtihon) o‘tkaziladi (oliy ta’lim va boshqa muassasa xodimlarini jalb qilgan holda, shu jumladan xorijiy).

3-bosqichda 2-bosqichda tanlangan nomzodlar bilan o‘z mutaxassisligi bo‘yicha bilimlari darajasi, intellektual qobiliyatlari, shuningdek, Jamg‘arma tomonidan tayyorlangan savolnoma asosida nomzodlarning dunyoqarashi kengligi hamda O‘zbekiston rivojlanishining ustivor yo‘nalishlari va amalga oshirilayotgan islohotlar mazmun mohiyatini bilishini aniqlash bo‘yicha suhbat (va/yoki imtihon) o‘tkaziladi (buyurtmachi, oliy ta’lim va ilmiy tashkilotlar, korxona va tashkilotlar mutaxassislari ishtirokida).

Har bir bosqich natijalari tegishli komissiyaning yig‘ilish bayonnomasi bilan tasdiqlanadi.

25. Tegishli komissiya tanlov yakunlarini umumlashtiradi va uni tasdiqlash uchun Jamg‘armaning Vasiylik kengashiga taqdim qiladi.

26. Jamg‘arma Vasiylik kengashining Xorijda malaka oshirish va stajirovka o‘tash uchun o‘tkazilgan tanlov natijalarini tasdiqlash haqidagi qarori tanlovdan so‘ng bir oy muddat ichida e’lon qilinadi.

Tanlovdan muvaffaqiyatli o‘tgan nomzodlarga belgilangan shakldagi stipendiatlik sertifikatlari topshiriladi.

27. Malaka oshirish va stajirovka o‘tashning butun muddati davomida stipendiatlarning ish joyi saqlanadi.