(370) 717-17-76
O'ZBEKISTON DAVLAT JISMONIY TARBIYA VA SPORT UNIVERSITETI
Xanchjou-2022, Parij-2024: O‘zDJTSU bilan hamkorlikda tayyorgarlik ko‘riladi

Xanchjou-2022, Parij-2024: O‘zDJTSU bilan hamkorlikda tayyorgarlik ko‘riladi

Xanchjou-2022 Osiyo o‘yinlari va Parij-2024 Olimpiya o‘yinlari ham yaqinlashib kelmoqda. O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi ushbu musobaqalarda muvaffaqiyatli ishtirok etish uchun qator dasturlarni ishlab chiqmoqda. Ana shunday istiqbolli kelishuvlardan biri Ozbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti bilan amalga oshirildi. Joriy yilning 24 aprel kuni MOQ raisi Rustam Shoabdurahmonov universitetga tashrif buyurib, dargoh rahbariyati bilan qator masalalarni muhokama qilib oldi.

MOQ raisini O‘zDJTSU rektori Mahmudjon Boltaboyev boshchiligidagi universitet rahbariyati kutib oldi. Tashrif davomida MOQ raisi oliy o‘quv dargohini aylanib, talabalar uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. Shundan so‘ng universitet rahbariyati bilan kelgusi rejalarni muhokama qilib oldi.

“Oldimizda Tokio-2020 Olimpiadasi turibdi. Biroq Xanchjou va Parij musobaqalari ham yaqin. Biz ularga ham tayyorgarlikni hozirdan olib borishimiz lozim. Ayniqsa, ilmiy-metodik yo‘nalishda Sizlarning yordamingiz kerak bo‘ladi. Prezidentimiz bizni har tomonlama qo‘llab-quvvatlamoqda. Biz bunga sportdagi natijalarimiz bilan munosib javob berishimiz lozim. Bu borada MOQ va O‘zDJTSU bilan hamkorlik memorandumini imzolash taklifini ilgari suraman”, – dedi MOQ raisi.

Shuningdek, suhbat davomida terma jamoalarimiz olib boradigan mahalliy va xorijiy o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlariga universitet o‘qituvchilarini jalb qilish ko‘zda tutilgan. Bunda o‘qituvchilar talabalar uchun zamonaviy metodikaga asoslangan darsliklarni yaratish ustida ish olib borishadi. Shuningdek, universitet prorektori Kamil Bayazitov boshchiligida Parij-2024 Olimpiadasiga tayyorgarlik bo‘yicha ilmiy ishchi guruh tuzish kabi masalalar muhokama qilindi.